PODIUM ITALIA

2013-2014 kuz-qish mavsumi

z

Yorqin yoz bo’yoqlari o’rnini yangi mavsumda osuda jilolar va yumshoq yoqimli ranglar mushtarakligi egallaydi. Yangi kolleksiya uchun tanlangan matolar qulaylik va jozibani o’ziga jo etgan, turli fakturalar aralashmasi va modellar uyg’unligi o’ziga xos obraz yaratgan. Umuman olganda, 2013-2014 kuz-qish modasida klassika va konservatizmga qaytish kayfiyatlarini sezish mumkin. Ammo, xatto eng ashaddiy moda ixlosmandlari tasavvurida to’ntarilish yasaydigan modellar ham diqqatdan chetda qolmagan.Ilg‘or yo‘nalish – etnik va geometrik printlar, rangli mo‘yna, hajm va baland platforma, shotland katak-katagi va yengil ertakona mavzular.

BALENCIAGA 

Podium hashamati va ko‘cha stili o‘rtasida muvozanat san’at darajasiga ko‘tarilgan. Aleksandr Vong markasi dizayneri tasavvurida yangi mavsumdagi kuz va qish har kungi qulaylik sifatida gavdalansada, ta’sirchan ifodalangan. Yelkasiga yostiqcha qo’yilgan haykaltaroshlik san’ati darajasida tikilgan erkaklar ko‘ylaklari, beli tepa, yopishgan shimlar, yengli va yengsiz oq va qora toplar, doctor bag mini-sakvoyajlari, zamsh botinkalar. Kechki yig‘inlarda yorqin tasavvur qoldiradigan marmarnusxa fraklar, ko‘krak tagida darpirovka qilingan futuristik andozalarda bichilgan qora ko‘ylaklar, reglan yelkali keng mo‘yna jaketlar. Barmoqlari orasiga kamar joylangan ochiq, o‘tkir uchli yozgi tuflilar.

BCBGMAXAZRIA

2013-2014 kuz-qish kolleksiyasi – bu birinchi o‘rinda ko‘p qatlamlilik, jozibali siluet gavdalantiradigan keskin farq qiluvchi matolar va tekstura. Kolleksiyani boshqalardan ajratib turadigan o‘ziga xos tomoni – nozik kashta, lazerda berilgan ishlov, koshinkor bezaklar va tushirilgan go’zal gullar. Charm va mo‘yna – sovuq kuz va qishda isitadigan asosiy matolar. Po‘stinlar, to‘qilgan sviterlar, mo‘yna jiletlar, kapyushonli mo‘yna parka, charm kurtkalar, yengil top va shimlar, charm yubka va shortlar. Shoyidan beqiyos uzun ko‘ylaklar, yengil trikotajdan modellar, chetlari kesiqli bejirim midi-tunikalar. Aksessuarlarga kelsak, trikotaj bosh kiyimlar, timsoh terisi nusxasi tushirilgan tasmali charm etiklar, charm mufta va sumkalar. Ranglar to‘plami kuz kayfiyati bilan hamohang: to‘q bordo, to‘q ko‘k, kul rang, jigar rang jilolar, har mavsumda yetakchi oq va qora.

BILLIONAIRE 

Yangi kolleksiyaga XIX asrdagi Angliya hayot tarzi ilhom baxsh etdi. Markaning kreativ direktori Mario Kyarensa zamonaviy siluetlarni Uyg‘onish davri obrazlari bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lgan: bleyzer va kardiganlar qo‘lda kashta tikilgan muhtasham matolardan tikilgan, brendga xos loferlar esa gerbli bezaklar bilan boyitilgan. Ranglar jilosi zumrad yashili-yu, bronza rangdan tortib yoqut qiziligacha o‘zida jamlagan. Kolleksiyadan bushlatlar-u, yorqin rangli erkaklar ko‘ylagi bilan kiyish tavsiya etiladigan nozik jun matodan tikilgan kostyumlar, zanjir yopqichli kalta jaketlar, yirik to‘qilgan issiq sviterlar o‘rin olgan. Tulki mo‘ynasi yoqali xushbichim kashemir paltolar va astari quyon mo‘ynasidan tikilgan kardiganlar kishi e’tiborini ayniqsa o‘ziga tortadi. Aksessuarlar turli rangdagi loferlar, charm tufli, hamda mo‘yna quloqchinlardan tashkil topgan.

BURBERRY 

Kolleksiyada Kristofer Beyli brend an’analariga sodiq qolgan: betakror brenchlar, klassik siluetlar, xipcha belga urg‘u berish, katak-katak, grafikali print. Monoxrom ansambl va kuz ranglari jilosi ayollarga xos nozik uslubga e’tibor qaratadi. Asosan, kolleksiya ko‘plab tizzagacha uzunlikdagi klassik ko‘ylaklar, yubka va paltolardan iborat. Mavsumning o‘xshashi yo‘qligi sinchkovlik bilan o‘ylangan shakllar, adiplar, qoplon va yurak nusxa printlar, yo‘l-yo‘l bezaklar, temir detallar, buzoq terisi, piton terisi nusxasida tushirilgan bezaklarda namoyon bo‘lgan. Matolar: lateks, duxoba, yengil trikotaj, drap, laklangan charm va ko‘proq kalta kesilgan sun’iy mo‘yna. Mavsum ranglari: fil suyagi, kapuchino, qora, jigar rang, qizil, oq, bordo. Ranglar ham alohida, ham metal detallar bilan uyg‘unlikda ishlatilgan.

CAROLINA HERRERA

Carolina Herrera 2013-2014 kuz-qish kolleksiyasi liboslarida 40-yillarga xos jozibadorlik va xushbichimlilik o‘z aksini topgan. Yumshoq asal rangli, xipcha belga urg‘u berilgan, yelkasi chiqqan ko‘ylaklar, charm bilan ishlov berilgan ansambllar, keng shim va yubkali kostyumlar, orqa etakli xushbichim yubkalar va bantli shoyi ko‘ylaklar. Ayollar kechki ko‘ylaklari nafaqat betakror printlar – qo‘lda tikilgan gullari bilan, balki badan ko‘z-ko‘z qilinmasligi bilan ajralib turadi. Ranglar jilosi yoqut, zumrad yashili, zangori, yorqin pushti, qora, gunafsha rang, oq va ko‘k ranglarni o‘z ichiga olgan.

CASTANGIA  

Yangi mavsum- mukammal chizgi va aksessuarlarni, muhtasham teksturali matolar, nozik tikuvchilik mahorati, betakror italyancha uslubni namoyish etish, undan bahramand bo‘lish imkoniyati. Marka dizaynerlari klassik obrazlarni gavdalantirishni tavsiya etadilar, shu bilan birga ishlov berish, mato va rang tanlashda ilg‘or yo‘nalishlardan voz kechmaydilar. Kolleksiyadan kostyumlar, pidjaklar, shimlar, ko‘ylaklar, vetrovkalar, poluver va jemperlar o‘rin olgan. Latofatli “casual” to‘plamlari mavsumga alohida go‘zallik baxsh etadi. Kolleksiya moddellari qo‘lda yasalgan poyafzal, aksessuarlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, bularning barcha zamonamiz erkaklarining mavqeini ko‘rsatib turadi.

CESARE PACIOTTI 

Yangi Cesare Paciotti kolleksiyasi – bu xushbichim va o‘ziga xos modellar. Chegara bilmasusullar. Bir vaqtni o‘zida ham qo‘pol, ham nozik botilyonlar, etiklar yoki klassik uslubdagi shpilka poshnali, yoki qulay tanketka va mustahkam poshnali qilib ishlangan. Ko‘rinmas platforma hali ham modadan chiqqani yo‘q. Asosiy materiallar – tabiiy charm, zamsh, metall, iplar, tekstil. Qishda modaga kiradigan asosiy ranglar: qora, kul rang, ko‘k, jigar rang. Har bir model bezagiga alohida e’tibor berilgan: printlar, uyg‘un ranglar, shakllar.

CORNELIANI 

Corneliani dizaynerlari yangi mavsumda kul rang-qora tusdagi ranglar palitrasiga murojaat qilib, shu klassik ranglar ustunligiga alohida urg‘u berganlar. Kuz va qishni tuya junili matodan tikilgan ikki bortli pidjak, shim va paltoda , uzun charm kurtka, stilli va odmi ansambllarda o‘tkazishni tavsiya etadilar. Kostyumlarni nafaqat ko‘ylaklar bilan, balki ishbilarmon kishilarning «casual style» uslubini aks ettiruvchi to‘qilgan jemper va vodolazkalar bilan birgalikda kiyishni monand deb bilganlar.

DANIELE ALESSANDRINI 

Kuz-qish kolleksiyasi kostyumlar va stilli pidjaklar, qisqa va klassik shimlar, poluver, kardigan, jaketlardan, tabiiy matolardan tikilgan ko‘plab trikotaj va erkaklar ko‘ylaklaridan tarkib topgan bo‘lib, bularning hammasi o‘ta qulayligi bilan ajralib turadi. Yangi kuz-qish mavsumida ulardan yorqin ranglar uchun asos yoki shu ranglarga kontrast sifatida foydalanish mumkin. Aksessuarlar turkumi tanlangan stilni yanada ko‘proq ko‘zga tashlanishiga xizmat qiladi.

EMILIO PUCCI

Marka dizaynerlari ilhom olish uchun 20 asrning 70-yillariga murojaat etganlar. Kolleksiya asosini kichkina to‘r ko‘ylaklar va bo‘ksagacha chiqadigan bortfortlar bilan kiyiladigan uzun shoyi bluzlar, yorqin bogem ansambllar, katta hajmli jun va mo‘ynali paltolar tashkil etgan. Detallar – metall ishlanmalar, qora silliq charmdan qilingan ansambl elementlari kolleksiya kayfiyatini belgilaydi. Betakror sharq bezaklari: serjilo yaltiroq applikatsiyalar, metallmisol ipdan tikilgan kashta va mavhum akvarelli printlar.

EMPORIO ARMANI

Qomatni ko‘rsatib turuvchi modellar, Armani xush ko‘radigan Yaponiyaga ishoralar va 20-30-yillar tendensiyalari brendning yangi kolleksiyasini bo‘yoqlar va fasonlar aralashmasiga aylantiradi. Emporio Armani moda o‘tmishiga murojaat qilar ekan, o‘tgan kunlarda rusm bo‘lgan pastel tonlardagi ko‘ylaklar, bermud shortlari, qisqa shimlar va yoqasida munchoq to‘g‘nag‘ichli paltolarni yuzaga chiqaradi. Yengil shoyi matodan tikilgan bejirim ko‘ylaklar ayollik nazokatiga alohida urg‘u beradi. Bundan tashqari, dizayner ayollarga yorqin rangli duxobalardan tikilgan ko‘ylaklarga e’tibor berishni tavsiya etadi. Stilli bleyzer, qulay kardigan andozalarida yengil liniyalar ustunlik qiladi. Liboslarda, ayniqsa shlyapalarda ko‘p qatlamlilik va vintaj notalari juda dolzarb. Kolleksiyada to‘q jigar rang, gunfasha rang va yashil ranglar palitrasidan keng foydalanilgan.

ERMANNO SCERVINO

2013-2014 kuz-qish mavsumi kolleksiyasi bir vaqtni o‘zida ham muhtasham, ham bejirim, ham qulay va ham ommabop. Kolleksiyadan ko‘ylak, vodolazka, sviter, yubka, shim, pidjak, poncha, palto, po‘stinlar o‘rin olgan. Stilli bleyzer, qulay kardigan andozalarida yengil liniyalar ustunlik qiladi.Ishlov berish uchun mo‘yna, charm, kashta, to‘rdan foydalanilgan.Obrazlar muhtasham aksessuarlar, mo‘yna durrachalar bilan to‘ldirilgan. Ranglar gammasi turfa xil – klassik qora rangdan oq va kulranggacha, qaymoq rangdan gorchitsa, qo‘ng‘ir botqoq ranggacha, moviy rang ham e’tiborsiz qolmagan.

GAETANO NAVARRA KVORUM 

Kuz-qish kolleksiyasida Gaetano Navarra uslubiga xos chiziqlar tajovuzkor jozibadorlik kasb etadi. Mukammal bichim, detallar va aksessuarlarga e’tibor biroz ekstravagant klassik garderobga aylanadi. Dizaynerga eng xush keladigan material – trikotaj ko‘plab ansambllar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘ylak, kostyum, jaket va yubkalarda – faktura va ranglar aralashmasi. Kolleksiyada qat’iy shakllar, metall qiyofasidagi jakkard, perforatsiya, mayin charm, kashta va patdek yengik shoyi shifon uyg‘unlashib ketgan. Bejirim tufli va kamarlar, sharf va durrachalar, ko‘zga tashlanadigan taqinchoqlar, stilli sumkalar kolleksiyaga tugallanganlik va hajm baxsh etadi.

GIORGIO GRATI

Yangi kuz-qish mavsumi uchun yaratilgan Giorgio Grati kolleksiyasi biroz keskin chizgilardan tashkil topgan bo‘lsada, jo‘shqin hissiyotlarni uyg‘otadi. Ko‘zga tashlanish istagi uslub tanlashga ta’sir qiladi. Dizayner tanlagan uslubda esa ellikni, oltmishinchi yillar nafasi sezilib turadi: ko‘ylaklar, tizzagacha yubkalar, klassik ansambllar, to‘g‘ri shimlar, qulay kardiganlar. Osudalik bag‘ishlovchi rango-rang palitra sarg‘ish tusdan tortib, ko‘k va kulrang, yashil va pushti ranglarda jilovlanadi. Yorqin ranglar va metallni eslatadigan lyureksga alohida urg‘u berilgan. Ish kostyumlari uchun va neopuristik palto uchun qora rang tanlangan.

GIUZEPPE ZANOTTI 

Klassik qora zamsh, an’anaviy qishki “charm”, rango-rang bezaklar va g‘ayrioddiy konstruksiyalar. 2013-2014 kuz-qish kolleksiyasida klassika uslubidagi poyafzal bilan bir qatorda epataj modellarni ko‘rish mumkin.Ushbu mavsumda zanjir yopqichli stilli botfortlar, bejirim botilyonlar, baland poshnali nozik tuflilar juda dolzarb bo‘ladi. O‘ziga xoslik, hech kimga o‘xshamaslik og‘ir platformalarda, shakllar ustida qo‘rqmasdan ishlashda namoyon bo‘lgan. Bezaklar – tajovuzkorlikdan nazokatgacha: yulduzlar, to‘qalar, yovvoyi printlar, iplar. Aksessuarlar ham poyafzalga monand: kichkina sumkachalar, klatchlar, taqinchoqlar.

GRAN SASSO 

Yangi kolleksiyani “shahar uslubi” tushunchasiga jo qilish mumkin. An’anaga ko‘ra bejirim va o‘ta qulay kardiganlar, sviterlar va shimlar yuqori sifatli trikotaj sharofati bilan rang va shaklini juda yaxshi saqlaydi. Kuzning oldi rangi sifatida dizayner ko‘k, sarg‘ish, kul rang va jigar rangni tanlagan. Yengil kontrast uchun zaytun yoki gunafsha rangning turli jilolari taklif etiladi. Kolleksiya modellari junning eng nafis turlari – merinos, kashemir, alpako, vikunya turlaridan yartilgan. Shuningdek, kolleksiyada ipli gazlamalardan tikilgan modellaru, «casual» va «vintaj» uslubida yaratilgan mahsulotlarni ko‘rish mumkin.

HOSS INTROPIA 

Ispan brendi taklif etayotgan muhtasham liboslar nazokatli va ma’yus obraz yaratadi. Romantik ko‘ylaklar, issiq koftalar, stilli shim, jinsa va yubkalar, shuningdek kechki ko‘ylak va turfa xil aksessuarlar. Ofis variantidagi bashang to‘plamlar.Shaharda sayr qilish uchun to‘plamlar zerikishdan xoli qiladi. Shuningdek, kolleksiyadan shortlar, erkaklar ko‘ylagi, bluzka, sviter, kardigan, jilet, pidjak, palto, poyafzal va o‘ziga xos aksessuarlar o‘rin olgan. Kolleksiya issiq neytral ranglarda ishlangan.

JACOB COHEN 

Kuz-qish mavsumida denim ayniqsa dolzarb bo‘ladi. Muhtasham yoki qulay, bashang yoki qulay Jacob Cohën jinsalari an’anaga ko‘ra garderobingizni qulay kiyim-kechak bilan to‘ldiradi. Toraytirilgan modellar, skinlar hamda to‘g‘ri klassik modellar moda cho‘qqisida. Shimlar bilan bir qatorda kolleksiyada beli kirgan, to‘g‘ri bichilgan, relyef vitachkali yoki ortiqcha bezaksiz erkaklar va ayollar ko‘ylaklari namoyish etilgan. Turfa xil ranglardan foydalanilgan – hammaga odatiy ko‘k yoki zangoridan kul rang, qora va sarg‘ish ranggacha. Brendni boshqalardan ajratib turadigan tomoni – kumush rang tugmachalar, faqat tabiiy tolalar va zanjir kashtali baxya.

JO NO FUI

Jo No Fui 2013-2014 kuz-qish kolleksiyasi – bu bashanglik, nozik siluetlar, qulaylik va betakror stil. Yangi mavsumda brend dizaynerlari kalta va uzun ko‘ylaklar, bluza, shim, kobinezon, yubka, pidjak, sviter, charm plashch, mo‘ynali jilet va yopinchiqlar, po‘stin, palto, poyafzal va qo‘lqoplarni namoyish etganlar. Ular tanlagan ranglar jilosi jozibali ayol nazokatiga urg‘u beradi: venetsiya qirmizi rangi, oq, sarg‘ish, sarg‘ish-sabzi rang, to‘q ko‘k, ko‘kimtir yashil, botqoq rang, jigar rang va to‘q gunafsha rang.

MARIA GRAZIA SEVERI

Kolleksiya juda o‘ziga xos, nazokatli va bashang uslubda yaratilgan. Palitrani shartli ravishda ikkiga bo‘lib, brend dizaynerlari barcha ranglar jilosi bilan bir qatorda bir xil ranglarni taklif etadilar. Ko‘ylaklar turfa xilligi tasavvurni jumbushga keltiradi: belli, kokilador, kesiqli, keng bichilgan, uzun va kalta yengli, to‘r va burmali, bir xil rangli va aks ranglarda jilolanadigan ko‘ylaklar. Bundan tashqari, kuz va qishda kiyish uchun tavsiya etgan Maria grazia Severi ijrosidagi yengi qisqartirilgan, tizzagacha uzunlikdagi, chetiga mo‘yna tikilgan bashang paltolar uzun qo‘lqop bilan birgalikda nazarlarni o‘ziga tortadi. Sviter va shim, yubka va jaketlar betakror uslubda yaratilgan. Kolleksiyani yaratishda jun gazlama, tvid, charm, duxoba, shifon, atlas va shoyidan keng foydalanilgan. Kolleksiya o‘ziga ishongan va o‘z jozibasiga hech shubha qilmaydigan ayollarga mo‘ljallangan.

2013-2014 kuz-qish mavsumi liboslari – bu to‘la ayollar uchun imkon qadar qulaylik va latofat. Kolleksiya trikotaj va duxoba ko‘ylaklar, kardiganlar, keng shimlar, palto, jaket, pidjak va mo‘jaz aksessuarlardan iborat.

MARNI 

2013-2014 kuz-qish mavsumi kolleksiyasi asosini yelkasi yumaloq keng bichilgan paltolar va keng shimlar, qorako‘l va drapdan tikilgan jiletlar, bir tekis rangli qorakuzan mo‘ynasidan bezak berilgan byustye-ko‘ylaklar, zanjir yopqichli kurtkalar, top, chetiga mo‘yna tikilgan yubkalar, tvid kostyumlar, jun flaneldan tikilgan ko‘ylaklar tashkil etgan. Mavsumning eng yorqin trendi – nafaqat ko‘ylaklar, balki paltolarda ham paydo bo‘lgan burmalar. Dizaynerlar militari elementlarini aksessuarlarda aks ettirganlar: bu qattiq keng kamar, ko‘krak ustidan osiladigan mo‘ynali sumkalar, qo‘nji baland mo‘ynali etiklar va hajmli qo‘lqoplar. Shular aksi sifatida charm shippaklar. Kolleksiya liboslari jun, tvid, charm, duxoba, alpako, angoriy echki yungi, shoyi matolardan yaratilgan. Tulki, qorakuzan, suv qunduzi, qorako‘l, nutriya mo‘ynasidan etaklar va yoqalarga hamda bolero, palantin, baska va qo‘lqoplarga bezak berilgan. Kuzning ma’yus kayfiyatiga mos qora, kul rang, xaki va yer tusidagi ranglar palitrasi tanlangan, uningdek monoxrom grafik printlar kolleksiyaga o‘zgachalik baxsh etgan.

MONCLER 

Kuz-qish mavsumi ko‘p qavatlilik belgisi ostida o‘tadi. Brend dizayneri Thom Browne shotland ohanglarini vasf etishga qaror qilgan. Bu nafaqat markaga xos bo‘lmagan erkaklar kiltlarida, balki ancha an’anaviy modellarda o‘z aksini topgan. Qulay puxovik va kurtkalar, sviter va poluverlar, issiq shim va qo‘lqopchalar. Klassik shotlandcha katak-katak va to‘qilgan relyef bezaklar kolleksiyadan keng o‘rin olgan. Proporsiyalar o‘yini va yumshoq nimranglardan keng foydalanilgan. Ayollarga bag‘ishlangan kolleksiya markazidan ayol qomatini ko‘rsatib turuvchi belli puxovik-jaketlar, belga urg‘u beruvchi keng kamarli yoki rezinka o‘tkazilgan qadama yengli va ingliz yoqali puxovik-paltolar, kalta yubka bilan ham, leginslar bilan ham chiroyli ko‘rinadigan kurtkalar, kombinezonlar, shimli komplektlar, puloverlar, sviter va sharflar.

PAUL & JOE

Yangi kolleksiyada marka dizaynerlari eklektikaga alohida e’tibor qaratganlar. Shoyi, dumaloq print va mo‘yna uyg‘unligi trend bo‘ldi. Uzun po‘stinlar keng katak-katak shim bilan , nazokatli ayollar ko‘ylagi keng palto bilan, asl erkaklarga xos tuflilar bejirim shoyi bluzkalar bilan kiyiladi. Keng sviterlar nozik yopinchoq, tilla va bronza tusli shoyi to‘qilgan mato bilan birgalikda namoyish etilgan. Tvid, mo‘yna, jun gazlama uyg‘unligi juda dolzarb bo‘ligan holda ko‘p qavatlilik qoidalariga rioya qilishga xizmat qiladi.

PIERRE BALMAIN 

Brend uchun klassika va kuzgi garderobda mutlaq must-have bo‘lgan modellar kolleksiya asosini tashkil etgan: keyp, baykerlar kurtkasi, klassik bir bortli palto. Detallarning biri ekstravagant obraz yaratsa, ikkinchisi ma’yus obraz chizadi. To‘qilgan bo‘rtiqli paltolar, uzun gajim bilan bezatilgan kaltalashtirilgan yengli kurtkalar, metall knopkali parkalar, brutal parchinli charm kurtka. Shaffof shifon va qora charmdan tikilgan g‘ayrioddiy printli bluza va ko‘ylaklar. Kolleksiyada keng shimlar-u, gajimli banan-shimlarga, qaytarma yengli skinnlarga alohida o‘rin ajratilgan.

RICK OWENS

2013-2014 kuz-qish mavsumi modellari betakror obraz yaratuvchi qiziqarli detallar bilan boyitilgan. Assimetriyali yoqalar va to‘g‘ri siluetlar, keng qo‘njli etiklar, ko‘p qatlamlilik, qora rang va yengil gotika – mavsumning dolzarb mavzulari. Kolleksiya durdonasi – daflkot (yog‘och tugma) bilan bezak berilgan yergacha uzunlikdagi paltolar va barmoqlarining uchi kesilgan charm qo‘lqoplar. Baland shpilkali etiklar ko‘ylaklarning yangi uzunligi bilan juda mos tushgan. To‘qima choklar palto va jaketlarning asosini tashkil etuvchi qattiq matodan tikilgan turli qismlarni birlashtirishga xizmat qiladi. Keng yenglar liboslarning yapon uslubga o‘xshashligini bo‘rttirib ko‘rsatadi. Yengil matodan tikilgan maykalar nozik adip bilan tugallangan. Jaket yoqalari oq va qora rangli katta qaviq choklar bilan bezatilgan.

ROBERTO CAVALLI

Gotika va barokko elementlari, ajoyib printlar bilan boyitilgan kolleksiya juda o‘ziga xos, qo‘rs va zamonaviy ko‘rinish kasb etgan. Dizayner muhtasham duxoba kostyumlarni, plisi yubkalarni, bluza, shim va an’anaviy ko‘rkam ko‘ylaklarni taklif etadi. Yopiq yelkalarda yashiringan joziba va ortiqcha ochiq kesiqlardan voz kechish orqali o‘ziga xos obrazlar yaratilgan. Zargarona bezaklar bluza, jaket va mayda setkali shimlarga monand tanlangan, kumush rang ipli katak-katak choklar kesishmasi yaltiroq munchoq va qimmatbaho toshlar bilan bezalgan. Bu qora va ko‘k duxobani yanada yaltiratgan. Hashamatli smokinglar oq-qora printlar bilan, po‘stin va kurtkalar mo‘yna detallar bilan, to‘g‘ri shimlar esa shoxdor naqsh bilan bezatilgan. Klatch bezaklari va katta hajmli taqinchoqlarning betakror dizayniga ijodiy yondashilgan.

SALVATORE FERRAGAMO 

Massimiliano Djiornettining yangi kolleksiyasidan ichki kuch, o‘ziga ishonch, mag‘rurlik va jo‘shqinlik nur taratib turibdi. Kolleksiyadan qavati ustma-ust tushgan charm mini-yubka, qomatni ko‘z-ko‘z qilib turuvchi to‘kilib turadigan ko‘ylaklar, tor shimlar, vodolazka, paltolar o‘rin olgan. Jun gazlamadan tikilgan ko‘ylak ustidan yumshoq charmdan tikilgan keng kamar taqilgan. Ikki bortli to‘g‘ri bichimli va yoqimli A-siluetli, alpaka jun gazlamasi yoki charmdan tikilgan ajoyib paltolar. Smokinglar, kaltalashtirilgan keng pidjaklar va kostyumga xos yo‘l-yo‘l yubkalar, baland tomoqli toplarni ko‘nglingiz istagancha bir-biriga moslashtirib kiyishingiz mumkin. Kolleksiyani ajratib turuvchi narsa – katta burmalar va drapirovka. Ranglar gammasi juda tor: qora rangning barcha tuslari, to‘q ko‘k, kul rang va oqdan juda ko‘p foydalanilgan.

SERGIO ROSSI

Yangi mavsumda dizaynerga arxitektura ilhom bag’ishlagani yaqqol sezilib turibdi. Kuz-qish kolleksiyasidan tufli, etik, botfort va klassik shakldagi baland poshnali botilonlar, shuningdek geometrik shaklli qiziqarli elementlar bilan bezatilgan past poshnali tuflilar o‘rin olgan. Metall, timsoh terisi va zamshdan ishlangan nafis detallar kolleksiyani yanada nafosatli qiladi.

SONIA RYKIEL

Kolleksiyaning asosiy mavzusi – bashanglik va zamonaviy detallar uyg‘unligi. Mavzu asosini dizayner ayniqsa xush ko‘radigan yumshoq, qulay, issiq, keng bichimda tikilgan va belli, bir xil rangli va bezakli trikotaj tashkil etgan. Trikotaj bilan bir qatorda nozik va nafis shoyi va qalin monoxrom charmdan tayyorlangan liboslar kolleksiyaga alohida xusn qo‘shgan. Kolleksiya hammabop, sovuq havoda kiyiladigan barcha liboslarni o‘z ichiga olgan: kofta va sviterlar, kostyum va ko‘ylaklar, yubka va shimlar, kurtka va paltolar. Kontrast detallar, printlar va to‘q ranglar mavsumni joziba bilan, hech kimga o‘xshamasdan o‘tkazish imkonini beradi.

ST. JOHN

Yangi mavsumda brend dizaynerlari an’anaga ko‘ra sifat va bashanglikni xush ko‘radigan o‘ziga ishongan, ishbilarmon ayollarga murojaat qilganlar. Kuz-qish kolleksiyasi xushbichim va klassik usuldagi modellardan tashkil topgan bo‘lib, ular zamonaviy ayol latofati va nozik ta’biga alohida urg‘u beradi. Biroz retro ohanglar, drapirovka va yumshoq xos trikotaj esa modellar betakror uslubda va mavsumga mos yaratilishiga sabab bo‘lgan. Kolleksiya uchun tanlangan asosiy ranglar – qizil, vino rang, qora, zaytun rang va metall jilolari.

TEMPERLEY LONDON

2013-2014 kuz-qish kolleksiyasi nozik ranglar palitrasida yaratilgan. Nazokat va ayollarcha latofat ko‘ylaklar, shimlar, siter va kardiganlar, yubka va aksessuarlarda aks etgan. Kolleksiya durdonasi – ingichka belbog‘lar, tizzagacha klyosh yubkalar va kalta charm qo‘lqoplar. Mavsumni ajratib turadigan narsalar – nozik ranglar. Temperly London printlardan ham o‘ziga xos latofat bilan foydalanadi: biron ortiqchalik, bachkanalik sezilmaydi.

TORY BURCH 

30-yillarga xos yengil va nozik qomat. kiborlarga xos beparvolik. Modellar qatoridan bir necha xildagi palto, shu jumladan kaltalashtirilgan yengli paltolar, turli xil bashang paltolar, moda bo‘lgan baland yoqali va keng yengli bluzalar, uzun ko‘ylaklar, qalam-yubkalar va pochasi toraytirilgan shimlar, kardigan va klassik kostyumlar o‘rin olgan. Yorqin fakturali materiallar modada: mo‘yna, perforatsiyalangan charm, duxoba jakkard, shoyi gazard va krep. Ranglar palitrasi retro-bogema muhiti va mavsumning so‘nggi ilg‘or tendensiyalariga javob beradi: oq, qora, moviy, to‘q qizil, zangori, gunafsha rang, sarg‘ish va tilla ranglar, katak-katak, gulli printlar va naqsh. Modellarga ipak kashta, munchoq va tosh terib, bezak berilgan. Aksessuarlar: mo‘ynali, charm va jakkard sumkalar, kristallar bilan bezak berilgan kichkina sumkachalar, bejirim tufli, ko‘zoynak va taqinchoqlar.Taqinchaqlar dizayni va tuflilar bezagi uchun mavsumning trend yo‘nalishi – ninachi va Misr qo‘ng‘izi haykalchalari tanlangan.

VALENTINO 

Valentino yangi kolleksiyasi biroz puritanlik uslubida tikilgan ajoyib turkum ko‘ylaklardan tashkil topgan. To‘r yoqalar va oppoq manjetlar, fonussimon yenglar, mo‘yna yopinchiqlar, oq-ko‘k naksh yoki gulli printga alohida urg‘u berilgan. Ko‘ylaklarning ko‘pchiligi A-siluetga ega. Yubkalar turfa xil fasonda: kalta, tizzadan tepa, uzun, yergacha yoki o‘rta uzunlikda. Kostyum va paltolar oppoq, qop-qora va kobalt rangda. Kechki ko‘ylaklar ko‘zni qamashtiradgan ko‘k va to‘q qizil ranglarda ijro etilgan. Obraz to‘r noski bilan kiyilgan shippakni imitatsiya qilgan lakli botilonlar, Valentino firmasi parchinlari bilan bezatilgan sumka va klatchlar.

VALENTINO RED 

Kolleksiya yaratish uchun dizaynerlarga aka-uka Grimmlarning “Genzel va Greta” ertagi ilxom baxsh etgan desa bo‘ladi. Kuz-qish mavsumi yorqin printlar va folklor detallarga boy. Bu kalta yubka, yopinchiq, korset, bluza, trikotaj sviter, bashang palto va pidjaklar, velyur shimli kostyum va trikotaj, mo‘yna, duxoba, charm, tafta, shoyi, denim, to‘r va jun mato qo‘shib to‘qilgan kardiganlar namoyishi. Baskali to‘qilgan korsetlar keng yubkalar bilan, aralash katak-katak mo‘yna yoqali paltolar bilan birgalikda namoyish etilgan. Print va bezaklar pryanik uylarni eslatadi, qirmizi atir gullar, to‘rlar va kashta, bant va lentalar hamda jinsa va issiq trikotaj esa bu ertakona tarixning ajralmas qismiga aylangan. Ranglar palitrasi kayfiyatga monand: qora, qirmizi qizil, sarg‘ish, oq, moviy, fil suyagi, nafarmon, quyosh sarig‘i, to‘q ko‘k va feruza ranglar ertaklar dunyosini eslatadi. Viktorian davri uslubida ishlangan aksessuarlar, poyafzal to‘r golflar bilan chiroyli ko‘rinadi, kashta tikilgan sumka va klatchlar, to‘r va volanlar ertakona kayfiyatni kuchaytiradi.

VERSACE

Yangi Vunk kolleksiyasi formulasi uning mohiyatini aks ettiradi: Versace + punk. Bu Versace jozibasi va shijoati bilan uyg‘unlashib ketgan pank keskinligi va qat’iyati. Ranglar palitrasi Donatellaning sevimli ranglari – sariq va qora, qizil va qirmizi, shuningdek mavhum animalistik printlardan tashkil topgan. Mixlardan tuzilgan bo‘yinbog‘ va bilaguzuklar, qora charm o‘rnini bosgan vinil, yorqin yozuvli futbolkalar, oq-qora kataklar, parchinlar, qiya zanjirli yopqichlar: pank atributikasi to‘q rangli tor shimli kostyumlarni ham, uzun kechki ko‘ylaklarni-yu, ko‘zlarni o‘ziga tortadigan tor yubkalarni ham to‘ldirib turadi. Qarama-qarshilikka berilgan urg‘u: bodi yergacha uzun palto bilan kiyiladi, pidjak esa quruq badanda chiroyli ko‘rinadi. Materiallardan eng ko‘p charm, bo‘yalgan mo‘yna, shotland katak matosidan foydalanilgan. Poyafzal kolleksiyasi tikanli va parchinli etiklar, botinka, yozgi shippak va tuflilardan iborat.

VICINI

2013-2014 kuz-qish kolleksiyasi yorqinligi, yaltiroqligi va kutilmagan tajribalari bilan ajralib turadi. Turfa xil uslublar klassik, kechki, casual variantlarda gavdalangan: sandallar, etiklar, botilyonlar, klassik tuflilar. Noan’anaviy va an’anaviy poshnalar: tanketka, shpilka, yashirin platforma, poshnasiz. Modellar past ranglarda ijro etilgan bo‘lib, ular orasidan nimqora, olijanob ko‘k, bo‘g‘iq sarg‘ish va jigar rang; sirli gunafsha, oppoq, chaqnab turgan kumush ranglarga ko‘proq murojaat etilgan. Qo‘l mehnati va mukammal sifat sharofati o‘laroq kolleksiya betakror chiqqan bo‘lsa, detallar – tosh terish, kamarlar, chetiga qadalgan mo‘yna, metall elementlar, kashta esa unga o‘zgacha latofat baxsh etgan. Faqat tabiiy materiallar – charm, zamsh, mo‘yna va tekstildan foydalanilgan.

WHO IS WHO 

Who’s Who italyan markasi turfa xil obraz va uslublar bilan ko‘zni quvontiradi. 2013-2014 kuz-qish kolleksiyasi qulaylik va bashanglik bilan ajralib turgan holda har qanday kishining didiga tushadigan ko‘plab ansambllarda namoyon bo‘lgan. Bu keng pulover va skinn-shimlar, romantik ko‘ylaklar va qat’iyatli charm kurtkalar, pechvork uslubidagi klassik futlyar-ko‘ylaklar va yorqin rangli paltolar. Bir rangli modellar bilan birga yorqin katak-katak, yo‘l-yo‘l, gul va geometrik bezakli printlarni ko‘rish mumkin. Turfa xil ranglar ko‘tarinki kayfiyat yaratadi: to‘q sariq, qizil, yashil, gunafsha rang, ko‘k, jigar rang va moviy. Jiddiy kishilar uchun – monoxrom oq look yoki oq va qora klassika. Detallar: mo‘yna pelerina va yoqalar, klatch va katta hajmli sumkalar, yirik munchoq va baland platforma va tanketkali tuflilar.